Biznes qilmoqchiman, lekin pulni qayerdan olaman?

Anchadan  beri sizga tinchlik bermayotgan, kallada pishirib yurgan, amalga oshib qolsa juda muvaffaqiyatli bo’lishiga ishonchingiz komil bo’lgan biznes g’oyangiz bor. Ammo uni boshlashingiz uchun sizda tajriba yoki, eng asosiysi, sarmoya yetishmaydi. Bu galgi maqolamizda aynan mana shu sarmoya haqida gaplashamiz.

Shaxsiy jamg’arma

Sizning yostiq tagida yig’ilib qolgan jamg’armangiz yoki  u bu joydan sizga tekkan meros bo’lishi mumkin. Albatta o’z ishingizni boshlashingiz uchun eng yaxshi va qulay yo’l mana shu jamg’armalaringizni ishga solishdir. Biznesingizni bunday boshlashning ijobiy tarafi bu eng avvalo hech kimning oldida moddiy javobgar bo’lmasligingiz va eng muhimi barcha foyda va zararlar faqatgina sizga tegishli bo’lishidir. Shuningdek, o’z sarmoyangiz bilan biznes boshlashingizda kelajak uchun ham foyda katta. Aytaylik, ishingiz yurishib, yangi g’oyalarni amalga oshirish uchun qo’shimcha sarmoyaga ehtiyoj tug’ildi, ishni o’z cho’ntagingizdan pul tikib boshlaganingniz sarmoyadorlar oldida sizning biznesingizga bo’lgan jonkuyarligingiz isboti bo’la oladi va sarmoyadorlarning ishonchini osongina qozonshingizga sabab bo’ladi. Afsuski ba’zan xayoldagi biznes loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud jamg’armaning o’zi yetarli bo’lmaydi.

Oila va yaqinlar

Biznesni boshlayotganingizda oila va yaqin do’stlaringizning ma’naviy  yordami sizga juda asqotadi. Lekin ulardan kelishi mumkin bo’lgan moddiy yordamga ham ko’z yummaslik kerak. Oila va yaqinlardan olingan qarz odatda qulay shartlarda bo’ladi va ularni to’lashda qiyinchliklar kamroq bo’ladi. Ammo yaqinlar bilan oldi berdi qilayotganda ehtiyot bo’lish kerakligini ham eslatib o’tamiz. Keyinchalik oraga sovuqchilik tushmasligi uchun qarzning hamma shartlarini oq qoraga tushurib kimdan nima kutilayotganini bilgan holda harakat qilinsa foydadan xoli bo’lmaydi

Sarmoyadorlar

Yaqinlaringizning qo’llab quvvatlashi yetarli bo’lmasa, keyingi usul sarmoyadorlarga murojaat qilishdir. Sarmoyadorlar, yoki g’arbchasiga aytadigan bo’lsak «farishtalar» (angels), odatda sizning g’oyangizga pulini tikib biznesingizning ma’lum bir ulushini sotib oladi. Sarmoyador sizning tanishingiz, eski boshlig’ingiz yoki boshqa tanishlaringiz orqali topgan odam bo’lishi mumkin. Odatda sarmoyadorlar ikki xil bo’ladi; ba’zilari puldan tashqari o’z bilimi, tajribasi va tanish bilishlari bilan ham hissasini qo’shsa, ba’zilari esa unchalik sizning ishingizga aralashmaydi. Bu usulda biznesingizni moliyalashtirishingizning shartlari vaziyatdan kelib chiqqan holda turlicha bo’lishi mumkin Crowdfunding (Ommaviy fond) Internet texnologiyalarining rivojlanishi natijasida sarmoya yig’ishning yangi usullari, shu jumladan crowdfunding ham paydo bo’ldi. Bu usulda siz o’z g’oyangizni ma’lum saytlar orqali ommaga bildirasiz va  uni yoqtirgan, qo’llab quvvatlamoqchi bo’lganlar loyihangizga pul  ajratadi. Kickstarter yoki Indiegogo kabi  saytlarni bunga misol qilsa bo’ladi. Toma toma ko’l bo’lur deganlaridak, bu usul bilan ham ancha sarmoya yig’ish mumkin. Oddiy misol, Star Citizen video o’yini Kickstarter sayti orqali $500,000 yig’ishni maqsad qilib qo’ygan va  natijada $46,018,188 yig’ib Kickstarterda rekord darajada sarmoya yiqqan loyihaga aylangan.

Bank kreditlari

Kerakli sarmoyani yana banklardan olish imkoni ham mavjud. O’zbekistonda bank tizimi takomillashtirilib, kichik va o’rta biznes uchun bank krediti olish imkoniyatlari oldingiga nisbatan osonlashtirish ustida ishlar bormoqda  Bank odatda foiz evaziga sizga bul beradi va albatta bankning ishonchini qozonish uchun jiddiy biznes reja tayyorlashingiz kerak bo’ladi. Banklar qarz berayotganda sizning biznesingizni yuritishingizda o’z shartlarini ham qo’yishi va bu orqali sizni qaysidir ma’noda nazorat qilib turishi mumkin.

Davlat grantlari

Agarda sizning biznes g’oyangiz davlat dasturlaridan biriga mos keladigan bo’lsa unda biznesingizni davlat granti va ko’magi orqali moliyalashtirishingiz ham mumkin.

2014 yilda davlat grantlari uchun ajratilgan mablag’lar oldingi yilga nisbatan 15,9 foizga oshgani bu  boradagi imkoniyatlarning ham kengayib borayotganidan darak beradi.

Yuqorida biznesni moliyalashtirishning ko’plab usullaridan faqatgina ba’zilarini sanab o’tdik va albatta bulardan yana boshqa usullar ham mavjud.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma’muriyatni habardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing.

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Scroll to top

Spelling error report

The following text will be sent to our editors: